Ma’lumki 2018-yil Kastamonu shahri Turk Dunyosi Madaniyati Poytaxti deb e’lon qilindi. Bu an’ana turk xalqlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida Xalqaro Turk Madaniyati Tashkiloti TURKSOY tomonidan har yili amalga oshiriladi. Kastamonuda tashkillashtirilgan 2018-yil Turk Madaniyati Poytaxti tadbirlarining ochilish marosimida Turk hukumati, boshqa mamlakatdan tashrif buyurgan ko‘p sonli madaniyat va matbuot xodimlari, shunindek, O‘zbekistonlik matbuot xodimlari ushbu tadbirda ishtirok etishdi.

Foto. Uzlife / Sherzod İkramutdinov

Tadbirning ochilish marosimiga qatnashgan Turkiya Respublikasi Madaniyat va Turizm Vaziri Numan Kurtulmush janoblari madaniyat va turizm sohasida O‘zbekiston va Turkiya aloqalarini yanada rivojlanishi bilan bog‘liq o‘z fikr va mulohazalarini bayon qilib, quyidagilarni aytib o‘tdi: “Prezidentimiz Rajab Toyib Erdo‘g‘an janoblarining 2016-yili O‘zbekistonga amalga oshirilgan tashrifi davomida hay’at a’zolari orasida men ham bor edim. Bir qancha uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Turkiyaga qaytgandan so‘ng darhol mazkur faoliyatlarni hayotga tadbiq etdik. Bulardan biri o‘zbek o‘quvchilarining Turkiyadagi Oliy Ta’lim muassasalarida ta’lim olishlaridir”.

Foto. Uzlife / Sherzod İkramutdinov

“Bir yil o‘tgach Turkiyaga tashrif buyurgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janoblari, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga oid muqaddas joylardan biri bo‘lmish Istanbulda joylashgan Topkapi Saroyiga ziyoratni amalga oshirdi. So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston bilan juda iliq va do‘stona munosabatlar kundan-kunga rivojlanib kelmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish maqsadida qator madaniy, ilmiy va badiiy tadbirlar rejalashtirilgan. O‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurish niyatida edim. Biroq ish ko‘payganligi bois safarni kechiktirishga majbur bo‘ldik. Shu yilning aprel-may oylarida mamlakatingizga borishni rejalashtiryapman.

Foto. Uzlife / Sherzod İkramutdinov

Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rasidagi aloqalarni yana-da faol bo‘lishini xohlayman. Turkiyadan O‘zbekistonga borib, mamlakatning boy madaniy merosini yaqindan ko‘rish va bilishni xohlovchi ko‘plab yurtdoshlarimiz bor. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi bir necha asrlik tarixga ega qadimiy shaharlar, o‘tmishdan buyonga qardoshlik bog‘larimiz bir ekanligidan dalolatdir. O‘zbekistonda joylashgan qadimiy joylarni borib ko‘rish uchun vizasiz rejimni yo‘lga qo‘yishga doir masalalar yuzasidan O‘zbekiston hukumati bilan muloqotlarimiz davom etmoqda. Bu borada to‘g‘ri yo‘lda ekanligimizga ishonchim komil, deb ta’kidlab o‘tdi.

Foto. Uzlife / Sherzod İkramutdinov