12-fevral kuni Toshkent shahridagi Wyndham mehmonxonasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov va Xalqaro Press-klub rahbari Sherzod Qudratxo‘jaev boshchiligida O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishga doir muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekturizm Davlat Qo‘mitasida Faoliyat olib borayotgan Turkiyalik turizm maslahatchisi Sadik Badal, Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Madaniyat va turizm maslahatchisi Jesim Chelebi, Turkiyaning Antaliya, Bursa, Izmir, Anqara, Ko‘niya, Qayseri viloyatlarining Madaniyat va turizm boshqarmalari boshliqlari, Istanbul shahar hokim o‘rinbosari, Turkiya sayohat agentliklari uyushmasi (TURSAB) vakillari va qator kompaniyalar rahbarlari ishtirok etishdi.
Tadbirda ma’lum qilinishicha, bugungi kunda Turkiyadan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni - 20 ming nafarni, O‘zbekistondan Turkiyaga borayotgan sayyohlar soni esa 120 mingni tashkil qilmoqda. Endi vizasiz rejim joriy qilingandan keyin bu raqamlar yanada oshishi shubhasiz.
Turkiyalik mutaxassislar bugungi kunda O‘zbekistonda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni kuzatib borayotganliklari, "ota yurtlari"da yaratilayotganqulayliklardan g‘oyatda xursand ekanliklarini ta’kidlagan holda, mamlakatimizda turizm sohasi rivoji yo‘lida g‘ov bo‘layotgan to‘siqlarga ham to‘xtalib o‘tishdi.
Turkiyalik ekspertlarning deyarli barchasi eng katta to‘siq sifatida "O‘zbekiston havo yo‘llari" chiptalari narxi yuqoriligini (ularning so‘zlariga ko‘ra, 700 dollar atrofida) ko‘rsatishdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda ikkita yo‘nalishda qonun qabul qilinishi maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidlashdi. Bulardan biri "Turizmni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi qonun bo‘lsa, ikkinchisi "Moliyalashtirish va ularning manbalarini ta’minlash to‘g‘risida" bo‘lishi kerakligi qayd etildi.